O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi
Total Page:16
File Type:pdf, Size:1020Kb
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI PREZIDENT, IJOD VA IXTISOSLASHTIRILGAN MAKTABLARNI RIVOJLANTIRISH AGENTLIGI JIZZAX VILOYATI HAMID OLIMJON VA ZULFIYA NOMIDAGI IJOD MAKTABI “ZULFIYA IJODI VA ADABIY-BADIIY MEROSINING XALQARO AHAMIYATI” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya maqolalari to‘plami THE INTERNATIONAL IMPORTANCE OF ZULFIYA’S CREATIVITY AND LITERARY AND ARTISTIC HERITAGE Guliston - 2021 КБК: 84 УЎК: 82-82 З - 91 “Zulfiya ijodi va adabiy-badiiy merosining xalqaro ahamiyati” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya maqolalari to‘plami Guliston – 2021. – 204 bet Mas’ul muharrir: D.Xamdamova – Hamid Olimjon va Zulfiya ijod maktabi direktori Tahrir hay’ati: M.Yusupova – Hamid Olimjon va Zulfiya ijod maktabi direktor o‘rinbosari Sh. Mavlyanova – Hamid Olimjon va Zulfiya ijod maktabi direktor o‘rinbosari Taqrizchi: Sh.Siddiqova – Jizzax davlat pedagogika instituti filologiya fanlari bo`yicha falsafa doktori (PhD) Musahhih: S.Okanov – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Ushbu to‘plamda taniqli jamoat arbobi, shoira Zulfiyaxonimning hayot yo‘li, adabiy merosi hamda uning ijodiga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar o‘rin olgan. Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallari to‘plami Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi pedagogik kengashi tomonidan nashrga tavsiya etilgan. Maqolalar mualliflik tahririda taqdim etilgan. ISBN: 978-9943-6948-4-2 2 Hamid Olimjon va Zulfiya ijod maskani yoshlarimiz, eng avvalo munis va lobar qizlarimizning iste’dod va qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish, ularning Zulfiyaxonim kabi vafodor, dono va oqila, o‘z yurtiga sadoqatli etib tarbiyalashga mustahkam zamin bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV 3 Achinmay qo‘ydim Hayot kitobimni bexos varaqlab, Men o‘tgan umrga achinmay qo‘ydim. Tabassum o‘rnida kuldim charaqlab, Suyish kerak bo‘lsa, telbacha suydim. Kiyganim ipakmi, chitmi yo kimxob, Yurak boyligidan qilmabman parvo. Meni og‘ushlagan hayot naq oftob, Yangi qo‘shiq talab unda har saboq. Men o‘tgan umrga achinmay qo‘ydim, Hech kimda ko‘rmayin umrimga o‘xshash: Suydim, Erkalandim, Ayrildim, Kuydim, Izzat nima – bildim. Shu-da bir yashash!.. ZULFIYA 4 “ZULFIYA IJODI VA ADABIY-BADIIY MEROSINING XALQARO AHAMIYATI” MAVZUSIDAGI XALQARO ILMIY-AMALIY KONFERENSIYA ISHTIROKCHILARI VA MEHMONLARIGA QUTLOV NUTQI Assalomu alaykum, hurmatli mehmonlar va anjuman qatnashchilari! Anjumanimizning mamlakatimiz ma’naviy hayotida sezilarli o‘zgarishlar ro‘y berayotgan bir paytda tashkil etilishi ham o‘ziga xos ramziy ma’noga ega. Ma’rifatparvar xalqimiz doimo ma’naviyatni yuksaltirish yo‘lidan borar ekan, bunda, avvalo, adabiyotning beqiyos kuchiga tayangan! Adabiyotimizda o‘ziga xos sahifa ochgan lirik shoiramiz Zulfiyaxonimning ijodi ma’naviy, adabiy hayotimizda o‘z o‘rniga ega. Adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov ta’rifi bilan aytganda, shoirani “… odamlarga ardoqli qilgan, adabiyotimizning yorqin yulduzlaridan biriga aylantirgan, XX asrning buyuk ayollari qatoriga qo‘shgan asosiy omil … bu uning e’tiqodi, juda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlari, dili bilan tilining birligi, she’rlarida madh etgan insoniylik, vafo, sadoqat va diyonat degan narsalarga o‘zi hayotda og‘ishmay amal qilganida”. Hazrat Navoiyda: “Yaxshi nom ibratga qoldirish – insonning ikkinchi umridir”,– degan hikmat bor. Zulfiya she’riyat olamiga har bir buyuk ijodkor kabi o‘z qo‘shig‘i bilan kirib keldi va bu qo‘shiq ayol sadoqatining yuksak tarannumiga aylangan vafo qo‘shig‘i bo‘ldi. Zulfiyaning go‘zal, otashga to‘liq she’rlari allaqachon mamlakatlar chegarasini hech bir qiyinchiliklarsiz kesib o‘tib, dunyoning 20 dan ortiq tillarida yangrashi ham bizga g‘urur bag‘ishlaydi. Uning she’rlari rus, ingliz, nemis, hind, bolgar, xitoy, arab, fors va boshqa tillarga tarjima qilingan. Shoira Nekrasov, Lermontov, V. Inber, Lesya Ukrainka, Edi Ognetsvet, M. Dilboziy, Amrita Pritam asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan. Bolalarga bag‘ishlab turkum she’rlar ham yozgani barchamizga ma’lum. Zulfiyaxonimning xalqaro Javoharla’l Neru, “Nilufar” mukofotlari, shuningdek, Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti, Bolgariyaning “Kirill va Mefodiy” ordeni sovrindori bo‘lgani ham bu o‘zbek ayolining tengsiz ijodkor ekanidan dalolatdir. O‘zbek adabiyotining buyuk darg‘alari qatorida, shoira Zulfiya ijodiga yuksak baho berib, Mustay Karim, Rasul Hamzatov, qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatov, Konstantin Simonovlar uning o‘zbek she’riyatining malikasi ekanini ta’kidlaganlar. O‘ylaymanki, bugungi konferensiyamiz Zulfiya ijodining ochilmagan qirralarini kashf etishda, shuningdek, uni tarjimon va publisist sifatida yanada yaqindan o‘rganish imkonini beradi. 5 Qadrli konferensiya qatnashchilari, adabiyot ixlosmandlari! Barchangizga Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablarni rivojlantirish agentligi nomidan konferensiya ishiga muvaffaqiyat tilab qolaman. Bizni bu yerda birlashtirgan adabiyotimizni rivojlantirishdan aslo charchamang! O‘z so‘zimni esa Zulfiyaning quyidagi satrlari bilan yakunlamoqchiman: “... Agar kishilar mening biror satrimni esga olsalar, o‘sha satr ular uchun kerakli bo‘lsa, qalbining bo‘sh bir nuqtasini to‘ldirsa... Qalamimga shu umid kuch beradi. Zotan, shu ilinjsiz yozishning keragi yo‘q! Shoir faqat buguni uchun shoir bo‘lsa, bo‘lmagani yaxshi!” E’tiboringiz uchun rahmat! Hurmat bilan Hilola Umarova, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori 6 SO‘Z BOSHI D.Xamdamova, Hamid Olimjon va Zulfiya ijod maktabi direktori O‘zbek xalqining atoqli va ardoqli shoirasi Zulfiyaxonim XX asr o‘zbek adabiyotida ilhomining tozaligi, hislarining nafisligi, she’rlarining samimiyligi bilan yorqin yulduzga aylandi. Shoira ijodiyot mashaqqatidan zavq, nash’a tuyub, xalq bilan birga, xalq yuragidan kuylab yashadi. Davr va poeziya ayol erki, ayol qalbi, ona baxti va armonlarini kuylovchiga intizor bo‘lgan paytda Zulfiyaxonim bir chaqmoq kabi ana shu bo‘shliqni to‘ldirib yuzaga chiqdi. Uning sadosi chaqmoqday bo‘lsa-da, davriyligi qisqa bo‘lmadi. Hayot sinovlari, yo‘qotishlar baxtga, muhabbatga limmo-lim qalb tug‘yonlarini to‘sa olmadi. Zulfiyaxonim sermashaqqat ijod bog‘ining haqiqiy malikasi edi. Surati va siyratidan ibo, andisha, muhabbat va mehr yog‘ilib turgan she’r shaklidagi nafosat malikasi! Uning ijodida tabiatga oshuftalik, muhabbat, ayolning pokiza hislari, onalik, mas'uliyat va sadoqat o‘zgacha jaranglaydi. Yuzlab shoira qizlarning ijod bog‘ida quloch yoyishi, minglab ayollarning o‘z qadr-qimmati va erkini to‘la anglay olishi Zulfiyaxonimning sharofati bilan ekanligi hech kimga sir emas, u nafaqat shoira, balki jamoat arbobi sifatida ham dovruq qozondi, qisqacha aytganda, u haqiqiy o‘zbek ayolining ma’naviy qiyofasini yaratdi. Zulfiyaxonim o‘zbek she’riyatini jahon minbaridan jaranglatganlardan biri. Qozoq ham, arman ham, tojik ham, ukrain, bulg‘or, hind, arab ham shoiramiz ijodidan bahramand va uning odamiyligiga, san’atiga, mahoratiga, jasoratiga shaydo. Ko‘pincha vaqtning ahamiyati, uni hayrli ishlarga sarf etish haqida yoshi ulug‘lar nasihat qilishadi. Zulfiyaxonim esa vaqt, umr oldidagi mas’ulyatni hamisha teran his etadi. U “Hayot kitobim bexos varaqlab…” deb boshlanuvchi mashxur she’rini oltmish yoshi ostonasida yozgan ekan. Undan keyingi kechgan umri ham shu satrlar mag‘zidagi e’tirofga hamohang: “Hayot kitobimni bexos varaqlab Men o‘tgan umrga achinmay qo‘ydim. Tabassum o‘rnida kuldim charaqlab, Suyish kerak bo‘lsa, telbacha suydim”. Bu hayotda boshiga tushgan har qanday mushkul sinovni ham, quvonch-u omadni ham, muvaffaqiyatni ham sabr-u qanoat, shukronalik bilan yengish aynan Zulfiyaxonimga xos edi. 7 Zulfiya nomidagi davlat mukofotining ta’sis etilganligi, Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabining faoliyat yuritayotganligi, suyukli shoiramizning davlat va xalq e’tirofida ekanligidan dalolatdir. Ayni paytda ijod maktabi erishgan yutuqlar ham talaygina. Ijod maktabi o‘quvchilari, ya’ni shoira izdoshlarining ijodiy ishlari jamlangan “Ikki qalb izdoshlari” kitobi viloyat hokimligi homiyligida 2019-yilda chop etildi. Shu o‘rinda “Ijod gulshani” deb nomlangan ma’rifiy-badiiy va ijtimoiy ijod maktabining davriy jurnalida ham o‘quvchi yoshlarning barcha turdagi ijodiy ishlari doimiy tarzda e’lon qilinib kelinmoqda. Shu kunga qadar besh nafar o‘quvchilarning she’riy kitoblari nashr etilgan. Bu kabi yutuqlar hali debocha desak, yanglishmaymiz. Qo‘lingizdagi mazkur to‘plam Zulfiya adabiy merosini keng targ‘ib etishga qaratilgan bo‘lib, undagi maqolalar quyidagi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi: Zulfiya lirikasining g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari. Zulfiya dostonlarida badiiy mahorat masalasi; Zulfiya – tarjimon va publitsist; Kitobxon ma’naviyatining shakllanishida Zulfiya adabiy-badiiy merosining ahamiyati; Zulfiya asarlarining til xususiyatlari; Zulfiya – taniqli jamoat arbobi. Mazkur to‘plamdan Respublika miqyosida, balki xalqaro doirada tan olingan olimlar, professorlar, doktorant, magistr, maktablarda o‘z faoliyatini yuritayotgan o‘qituvchilar va mustaqil tadqiqotchilarning ilmiy maqolalari o‘rin olgan. O‘ylaymizki, ijod maktabi tashabbusi bilan chop etilgan to‘plam uzoq yillar Zulfiya ixlosmandlari, o‘quvchi yoshlar va keng jamoatchilik vakillari tomonidan sevib o‘qiladi. 8 HAYOTIY CHIZGILAR M.Ulug‘ova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Zulfiyaxonim shogirdi Men yigirma yillik hamkorlikdagi faoliyatim, uylari va dala hovlilarida haftalab birga yashashim davomida Zulfiya opa bilan bor-yo‘g‘i bir marta suratga tushgan ekanman. O‘shanda hozirgidek har