Axborot soati materialini www.mtm.buxdu.uz veb-saytidan va tellegramdagi https://t.me/axborotsoati manzilidan olish mumkin AXBOROT SOATI MATERIALLARI 14 may 2019 yil

YANGILIKLAR VA VOQEALAR

BIZ UCHUN TINCH VA OSOYISHTA HAYOT YARATGAN FIDOYI BOBOLARIMIZ XOTIRASI MANGUDIR

Bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jon fido qilgan ajdodlarimiz xotirasini yod etish, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda ¬yurgan, elu yurt tinchligi va ravnaqi yoʻlida xizmat qilgan keksalarni eʼzozlash maʼnaviy hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Mamlakatimizda keng nishonlanayotgan Xotira va qadrlash kuni mazmun-mohiyatida ana shunday ezgu tamoyillar mujassam. Ushbu ayyom kunlari bugungi tinch-osoyishta hayotga qanday ogʻir sinov va mashaqqatlar evaziga erishilganini yana bir bor chuqur his etamiz. Bu yoʻlda qurbon boʻlgan yurtdoshlarimiz xotirasiga taʼzim qilamiz. Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 23 apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi farmoni hamda “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida urush qatnashchilari holidan xabar olish, yurt tinchligi va ozodligi yoʻlida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasini yod etishdek ezgu maqsadlar ifodasini topgan. Ushbu hujjatlarga muvofiq, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining har biriga Prezidentimiz tabriknomasi, 7 million 500 ming soʻm miqdorida biryoʻla toʻlanadigan pul mukofoti va bayram sovgʻalari tantanali ravishda topshirildi. Ularning har birini tibbiy va

1

Axborot soati materialini www.mtm.buxdu.uz veb-saytidan va tellegramdagi https://t.me/axborotsoati manzilidan olish mumkin ijtimoiy himoya qilish maqsadida tegishli xodimlar biriktirilib, doimiy patronaj xizmati koʻrsatilmoqda. Sanatoriyalarga bepul yoʻllanmalar ajratilmoqda. Urush qatnashchilari va front orti faxriylari bilan birga mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila aʼzolariga ham moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatilmoqda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat, Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, Xotin- qizlar qoʻmitasi, Yoshlar ittifoqi, Badiiy akademiya, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Nuroniy” jamgʻarmasi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi boshqa tashkilotlar bilan birgalikda Vatanimiz ozodligi himoyachilariga bagʻishlangan maxsus uchrashuvlar va maʼrifiy-badiiy kechalar oʻtkazmoqda. 9 may. Poytaxtimizdagi Xotira maydoni har qachongidan gavjum. Bu yerga senatorlar, deputatlar, hukumat aʼzolari, harbiylar kelgan. Soat 8.30. Maydonga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kirib keldi. Davlatimiz rahbari Ikkinchi jahon urushida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi – harbiy orkestr sadolari ostida Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qoʻydi. Shu kuni Toshkent shahridagi Botanika bogʻida Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 74 yilligiga bagʻishlangan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi. Tadbirga Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardan urush va mehnat faxriylari taklif etildi. Davlatimiz rahbari bayram tadbiriga kelgan urush va mehnat faxriylarining har biri bilan alohida salomlashib, hol-ahvol soʻradi. Ularga sihat-salomatlik, uzoq umr tiladi. Nuroniylar yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga farovonlik tilab duolar qildi. Ramziy sahnada mashhur oʻzbek generali Sobir Rahimov qoʻmondonligidagi diviziyaning qahramonligi aks ettirildi. Prezident faxriylar bilan birga uni tomosha qildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 74 yilligi bilan barcha faxriylarni, butun xalqimizni tabrikladi. Bogʻda Ikkinchi jahon urushi davridagi kompozitsiyalar installyatsiyasi aks ettirilgan. Poyezd va harbiy texnikalar namoyish qilingan. Qoʻmondonlik shtabi, okop va blindajlar, tibbiyot punkti, dala oshxonasi qurilgan. Jang maydonlarida askarlarimiz koʻrsatgan mardlik va jasorat, urushdan qaytmagan minglab yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasi, ota-bobolarimizning front orti mehnat faoliyati aks etgan. Sahna ortidagi ulkan monitorda xalqimizning urush davrida koʻrsatgan matonati va jasorati, yovqur oʻgʻlonlarning mislsiz qahramonliklari aks etgan lavhalar namoyish qilindi. Mardlik, Vatan, tinchlik tarannum etilgan shiorlardan yuraklar junbushga keldi. Davlatimiz rahbari gʻalabaga katta hissa qoʻshgan barcha vatandoshlarimizning jasorat va matonatini yanada chuqur oʻrganish, ularning hayoti va faoliyati haqida yangi ilmiy tadqiqotlar, badiiy asarlar, kinofilmlar va spektakllar yaratish, yoshlarimiz qanday fidoyi insonlarning jasorati evaziga bugungi tinch va baxtli zamonda yashayotganini bilishi va buning qadriga yetishi zarurligini taʼkidladi. Butun dunyoda millionlab insonlar umriga zomin boʻlgan, mislsiz yoʻqotishlar, talafot va musibatlar keltirgan Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng dahshatli, eng qonli qirgʻin boʻlganini hech kim unutmaydi. Urush arafasida Oʻzbekistonda 6,5 million aholi yashagan. Urushda qatnashgan 1,5 milliondan ortiq oʻzbekistonlikning yarim milliondan ziyodi halok boʻlgani, yana qancha-qanchasi mayib-majruh boʻlib qaytgani, qanchasi

2

Axborot soati materialini www.mtm.buxdu.uz veb-saytidan va tellegramdagi https://t.me/axborotsoati manzilidan olish mumkin bedarak yoʻqolgani hisobga olinadigan boʻlsa, bu gʻalaba xalqimiz uchun naqadar qimmatga tushgani yaqqol ayon boʻladi. Xalqimizning urush yillaridagi chinakam matonat va jasorati butun insoniyat uchun ibratdir. Oʻzbek xalqi jang maydonlaridan yurtimizga evakuatsiya qilingan bir millionga yaqin kishiga oʻz uyidan joy berdi. Ular orasidagi 200 ming bolani yuzlab oʻzbek oilalari “Sen yetim emassan”, deb oʻz panohiga olgan, oxirgi bir burda nonini ular bilan baham koʻrgan. Toshkentlik Shomahmudovlar oilasi 14 nafar, kattaqoʻrgʻonlik Samadovlar oilasi 12, buxorolik Joʻrayev va Ashurxoʻjayevlar oilasi 8 nafardan bolani oʻz bagʻriga olgan. Bunday misollarni yana koʻplab keltirish mumkin. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan poytaxtimizdagi Xalqlar doʻstligi maydoniga toshkentlik temirchi Shomahmudovlar oilasi xotirasiga hurmat sifatida barpo etilgan haykal qayta oʻrnatilgani bu bagʻrikenglikning yana bir namunasidir. Davlatimiz rahbari ayni vaqtda Toshkent shahrida Gʻalaba bogʻini barpo etish boʻyicha loyiha-qurilish ishlari boshlab yuborilganini qayd etdi. Albatta, bu bogʻ va uning tarkibida bunyod etiladigan Shon-shuhrat muzeyini meʼmoriy jihatdan eng goʻzal va mukammal loyihalar asosida yaratamiz. Bu muhtasham yodgorlik majmuasining ichki maʼno-mazmunini, muzey ekspozitsiyasini shakllantirishda biz muhtaram faxriylarimiz, tarixchi olimlarimiz, ijodkor ziyolilarimiz, keng jamoatchilikning fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalariga tayanamiz, dedi Prezident. – 1943 yil urushga ketdim, – deydi Sirdaryo tumani Dehqonobod mahallasida yashovchi Xolqoʻzi ota Toshqoʻziyev. – Gʻalabadan soʻng uzoq yillar kutubxonachi boʻlib ishladim. Turmush oʻrtogʻim Mukarramxon bilan oʻn farzandni ulgʻaytirdik. Oltmishdan ortiq nevara-chevaramiz bor. U davrlarni eslash biz uchun azob. Gʻalabaga hissa qoʻshgan oʻnlab quroldosh doʻstlarimiz xoki begona yurtlarda qolib ketdi. Ilohim u kunlar qaytib kelmasin. Sahnada va ulkan monitorda Ikkinchi jahon urushi yillaridagi hayot aks ettirilgan lavhalar namoyon boʻladi. ... “Xotira mangu” kompozitsiyasi namoyish etiladi. Mashhur suxandon Yuriy Levitanning urush boshlangani toʻgʻrisidagi eʼlonni oʻqigan ovozi yangraydi. Yigitlar Vatan himoyasiga otlanadi. Monitorda Ikkinchi jahon urushi voqealari tasviri aks etadi. – Oʻzbekistonda Xotira va qadrlash kuni nishonlanayotgani zamirida juda katta maʼno-mazmun bor, – deydi Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim. – Ikkinchi jahon urushi tugaganiga ancha boʻldi, lekin undan chiqariladigan saboq, xulosalar hali oʻz dolzarbligini yoʻqotgani yoʻq. Bu esa gʻalabaning qadr-qimmatini yanada oshiradi. Oʻzbek xalqi ana shu ulkan gʻalabaga munosib hissa qoʻshgani bilan faxrlanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida fashizmga qarshi kurashda halok boʻlgan oʻzbekistonliklarning xotirasini yod etish, ularning ruhi poklariga hurmat bajo keltirish zarurligini taʼkidladi. Darhaqiqat, xotira bugungi avlodni tinchlikni qadrlashga oʻrgatadi. Prezidentingiz, shuningdek, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa mamlakatlar bilan hamkorligi bundan buyon ham mustahkamlanib borishini qayd etdi. Biz bu munosabatlarni gʻoyat qadrlaymiz. Oʻzaro hamkorligimiz bundan keyin ham izchil taraqqiy etaverishiga ishonamiz. Bayram dasturida atoqli shoir va sanʼatkorlarimizning sheʼr va qoʻshiqlariga keng oʻrin berilgani Xotira va qadrlash kuni mazmun-mohiyatiga mos tushgan. Gʻafur Gʻulom qalamiga mansub “Sen yetim emassan” sheʼrining muallifdan yozib olingan parchalari eshittirilganda, qalblar larzaga keldi.

3

Axborot soati materialini www.mtm.buxdu.uz veb-saytidan va tellegramdagi https://t.me/axborotsoati manzilidan olish mumkin

Alisher Navoiyning “Mubtalo boʻldim sanga”, Muqimiyning “Ayrilmasin” gʻazallari, Kamtarning “Askar maktubi”, Xayriddin Salohning “Meni eslagil”, Isroil Vahobovning “Oʻzbekistonim”, Bulat Akudjavaning “Nam nujna odna pobeda”, Yakov Galiskiyning “Siniy platochek” kabi sheʼrlariga bastalangan qoʻshiqlar yangradi. Konsert harbiy orkestr va taniqli xonandalar ishtirokida davom etdi. ...Urush tugab, gʻalabaga erishilgani haqida Yuriy Levitan eʼlon qiladi. 74 yil oldingi bu quvonch, surur yana bir bor tadbir ishtirokchilarini hayajonga soldi. – Biz baxtli avlodmiz – shunday tinch-osoyishta mamlakatda yashayapmiz, – deydi Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti talabasi Gulruh Pardayeva. – Bunda bobo-buvilarimizning, barcha nuroniylarimizning hissasi beqiyos. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, ularga gʻamxoʻrlik qilish, umrlarini uzaytirish uchun barcha sharoitlarni yaratish hammamizning farzandlik burchimizdir. Urush yillarining ayanchli xotiralari, bugungi tinch-osoyishta hayot qadri aks ettirilgan badiiy dastur qatnashchilarda unutilmas taassurot qoldirdi. 9 may – Xotira va qadrlash kuni mamlakatimizning barcha hududlarida keng nishonlanmoqda.

XAYRLI TASHABBUSLAR YURTIMIZGA YOGʻILAYOTGAN EZGULIK NURINI ZIYODA ETADI

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 may kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va yirik loyihalar bilan tanishdi. Davlatimiz rahbari dastlab Shayxontohur tumanidagi Suzuk ota majmuasiga tashrif buyurdi.

4

Axborot soati materialini www.mtm.buxdu.uz veb-saytidan va tellegramdagi https://t.me/axborotsoati manzilidan olish mumkin

Muqaddas islom dinining ezgu amallarini eʼzozlash, ulugʻ allomalarimiz merosini tiklash, qadamjolarini obod etish borasidagi xayrli ishlar muborak Ramazon oyida ezgulik nurlarini yanada koʻpaytiradi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida har yili Ramazon oyida islom dinining asl mohiyatini targʻib etish, ilm-fanni rivojlantirish, eʼtiqod erkinligini taʼminlash, moʻmin- musulmonlar uchun keng sharoit yaratish boʻyicha yangi-yangi tashabbuslar roʻyobga chiqarilmoqda. Xususan, oʻtgan yili Ramazon hayitida Toshkent shahrida Oʻzbekiston islom sivilizatsiyasi markazi qurilishiga tamal toshi qoʻyildi. Ayni muqaddas Ramazon kunlari Suzuk ota majmuasi toʻla foydalanishga topshirilgani poytaxt aholisiga oʻzgacha tuhfa boʻldi. Suzuk ota ziyoratgohini yaqin-yaqingacha koʻpchilik bilmas, mahalla ichida qolib ketgan maqbara va eski masjid qarovsizlikdan zax tortib, nurab yotgan edi. Davlatimiz rahbari 2017 yil 26 may kuni Suzuk ota majmuasida boʻlib, maqbara va masjidni rekonstruksiya qilish, atrofini obodonlashtirish boʻyicha topshiriqlar bergan edi. 2018 yil 9 fevralda qurilishning borishi bilan tanishib, majmua yonida hunarmandlar markazi va kutubxona barpo etish boʻyicha koʻrsatma berdi. Shundan soʻng amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari tarixiy obidalarga yangi hayot baxsh etdi. Maqbara va eski namozxona tubdan taʼmirlanib, masjid, ikkita minora barpo etildi. Majmuaga kiraverishda muzey, kutubxona, mahalla idorasi va boshqa obyektlar qad rostladi. Favvoralar oʻrnatilib, qariyb 8 gektarlik maydon obodonlashtirildi. Maqbaraning ikki tomonida hunarmandlar uchun har biri 4,5 sotixli oʻttizta kottej barpo etildi. Hududda ziyoratchilarning hordiq chiqarishi uchun ayvonlar qurildi. Ularning yogʻoch ustunlari, ravoqlari nafis oʻymakorlik namunalari bilan bezatildi. Maqbara va binolar sirti, eshik-romlar, toqlarga turfa ranglarda naqshlar bilan milliy mentalitetimizga mos zeb berildi. Xoʻja Ahmad Yassaviyning nabirasi boʻlgan Suzuk ota yassaviya tariqatining peshvosi, oʻymakor usta boʻlgan. Yuzlab shogirdlar tarbiyalab, hunar oʻrgatgan. 1363- 1364 yillarda buyuk bobokalonimiz Amir Temur Suzuk ota qabri ustida maqbara va masjid bunyod ettirgan. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari natijasida bebaho yodgorlik oʻzining tarixiy qiyofasini saqlagan holda yangi mahobatli tabarruk ziyoratgohga aylandi. Bugun bu yerga kelganlar majmuaning betakror salobatidan ulkan maʼnaviy-ruhiy quvvat oladi. Prezidentimiz ushbu bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Maqbara ziyorat etilib, Qurʼon tilovat qilindi. Shu yerda diniy ulamolar va nuroniylar bilan suhbat boʻlib oʻtdi. Shavkat Mirziyoyev ularni Ramazon oyi bilan yana bir bor tabriklab, yangilangan majmuaning shunday ulugʻ ayyom kunlarda ochilishi xayrli ekanini taʼkidladi. Shayxontohur qadimdan Toshkentning hunarmandlik rivojlangan maskanlaridan boʻlib kelgani, ajdodlarimizning ezgu anʼanalarini bardavom saqlash yurtimizda qadimiy hunarmandlik turlari bilan birga, sayyohlikni rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi. Boshqalar yoʻq tarixini bor qilishga harakat qiladi. Biz buyuk tariximizni, allomalarimiz merosini xalqimizga, yoshlarimizga toʻliq yetkazib berolmadik. Oʻzligimizni anglash nuqtai nazaridan shunday joylarga eʼtibor bersak, bunga hamma eʼtibor qaratadi, dedi davlatimiz rahbari. Bu yerdagi hunarmandlar uylari shu mahallada yashovchi usta-hunarmandlarga berildi. Ular duradgorlik, misgarlik, musiqa asboblari yasash, yogʻoch oʻymakorligi,

5

Axborot soati materialini www.mtm.buxdu.uz veb-saytidan va tellegramdagi https://t.me/axborotsoati manzilidan olish mumkin naqqoshlik, beshikchilik, quruvchilik, kosiblik kabi ota-bobolaridan meros hunarlar bilan shugʻullanib kelmoqda. Prezidentimiz hunarmandlar uylarini, yogʻoch qirmachilik va xattotlik ustaxonalarini kirib koʻrdi. Ikki qavatli bu xonadonlarning birinchi qavati ustaxona va doʻkon uchun ajratilgan. Bu yer oʻziga xos hunarmandlik markazi boʻlib, majmua bilan birga noyob turizm maskaniga aylanadi. Hunarmandlik – halol kasb. Bugungi kunda eng katta vazifamiz – ish joylari yaratish. Hunarmandlarga sharoit yaratsak, ham oʻzini boqadi, ham boshqalarni ish bilan taʼminlaydi. Shogirdlar tarbiyalasa, qancha yoshlar hunarli boʻladi, oʻz tadbirkorlik ishini ochib, daromad topadi, dedi Shavkat Mirziyoyev. Toshkent shahrining tarixiy qiyofasini saqlab qolish, bunda Shayxontohur tumanining hunarmandlik va tadbirkorlikni rivojlantirishdagi qadimiy roliga urgʻu berish yuzasidan tavsiyalar berildi. Davlatimiz rahbari Chilonzor tumani Bogʻiston koʻchasida barpo etilayotgan koʻp qavatli uylarni borib koʻrdi. Bugun xalqimiz turmush sharoitini yanada yaxshilash yoʻlidagi islohotlar har bir tuman, har bir mahallaga kirib boryapti. Toshkent shahrida ham koʻp qavatli uylar, zamonaviy maktab, bolalar bogʻchalari, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, avtomobil turar joylari barpo etilmoqda. Bogʻiston koʻchasidagi uylarning qurilishi boshlanganiga koʻp boʻlgani yoʻq. Prezidentimiz 2018 yil 21 dekabr kuni bu yerga kelib, qurilish maketlari bilan tanishgan, zarur koʻrsatmalar bergan edi. Oradan besh oy oʻtib, bu yerda zamonaviy turar joy mavzei bunyod etildi. Umumiy maydoni 5,6 gektar boʻlgan hududda jami 24 ta 9 qavatli uy barpo etish rejalashtirilgan. Ayni paytda 17 ta uy qurilishi yakunlanib, ichki va tashqi pardozlash ishlari olib borilmoqda. Davlatimiz rahbariga uylarning qurilish texnologiyasi, sifati haqida maʼlumot berildi. Uylar 100 foiz yurtimizda ishlab chiqarilgan qurilish materiallaridan foydalanib, innovatsion usullar asosida barpo etilmoqda. Devorlar qoʻshimcha materiallar bilan qoplangani issiqlikni saqlash va 70 foizgacha energiyani tejash imkonini beradi. Isitish va sovutish tizimi har bir xonadonda mustaqil boshqariladi. Eng muhimi, uylar yashash uchun tayyor holda topshiriladi. Prezidentimiz qurib bitkazilgan xonadonlardan birini kirib koʻrdi. Keng, baland, shinam, qulay uylar shaharsozlikning yangi namunasi boʻladi va odamlarga yangicha tarzda turmush kechirish imkonini tuhfa etadi. Bunday uylarning sifati, energiyani tejashi, zilzilabardoshligi xalqimizga juda maʼqul boʻlmoqda. Shu tajriba asosida mamlakatimizning boshqa hududlarida ham turar joylarni koʻpaytirish zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev. Ayni paytda uylar sotuvi boshlangan. Mijozlardan “call markazi” orqali 24 soat davomida ariza qabul qilish va maxsus dastur asosida xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan. Turar joy majmuasida “aqlli shahar” konsepsiyasi asosida aholiga kommunal xizmat koʻrsatishning yangi tajribasi qoʻllaniladi. Yaʼni, uylarda elektr, santexnika yoki boshqa masalada biror muammo paydo boʻlsa, bu haqda markaziy boshqaruv pultiga xabar boradi va tezkor guruh zudlik bilan yetib keladi. Loyihaga koʻra, hududga tutash bir kilometrga yaqin yoʻl va Boʻzsuv kanali atrofida velosiped yoʻlagi, bolalar maydonchalari, dam olish joylari, favvoralar, muzqaymoqxonalar tashkil etiladi.

6

Axborot soati materialini www.mtm.buxdu.uz veb-saytidan va tellegramdagi https://t.me/axborotsoati manzilidan olish mumkin

Prezidentimiz shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi majmuada amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Davlatimiz rahbari oʻtgan yili fevral oyida ushbu majmua loyihasi bilan tanishib, uni yanada takomillashtirish, bunda xalqimiz va ulamolarning takliflarini ham oʻrganish boʻyicha topshiriqlar bergan edi. Majmuada qisqa vaqtda ulkan qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. 2 ming kishiga moʻljallangan masjid, anjumanlar zali, muzey, kutubxona, maqbara, tahoratxona va boshqa yordamchi xonalar bunyod etildi. Favvora qurilib, zamonaviy oʻrindiqlar oʻrnatildi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 1952 yil 15 aprel kuni Andijon viloyatida tavallud topgan. Juda qiyin va murakkab davrda Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy lavozimida ishladi. U kishi faoliyat koʻrsatgan yillar islomiy ilmlar, diniy qadriyat va anʼanalar qayta tiklangan davr sifatida tariximizda alohida oʻrin tutadi. Muftiy vazifasida u kishi xalqaro miqyosda keng faoliyat yuritib, koʻplab islom mamlakatlari bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni rivojlantirish yoʻlida xizmat qildi. Ulugʻ vatandoshimizning dunyo musulmonlari orasidagi obroʻ-eʼtibori juda baland edi. U Jahon mutafakkir ulamolari yigʻini Ijroiya qoʻmitasi, Jahon musulmon ulamolari xalqaro uyushmasi, Jahon islom uyushmasi kabi nufuzli tashkilotlar, Iordaniya qirollik akademiyasi aʼzosi, Misr Arab Respublikasining “Nil lavri” oltin nishoni sovrindori boʻlgan. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, zamonaviy tariximizda islomiy ilmlar boʻyicha hech kim bu darajada yuksak mavqega koʻtarilmagan. Ulugʻ alloma diniy-maʼrifiy mavzularda 100 dan ziyod kitob yozgan. Shayx hazratlarining hikmatga toʻla soʻzlari, suhbatlari, radio va televideniye, matbuot sahifalaridagi chiqishlari yurtdoshlarimiz qalbidan chuqur joy olgan. Prezidentimiz bu masjid shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomiga munosib boʻlganini taʼkidladi. Hazratning ilmiy merosini oʻrganish, maʼrifat va odob-axloq mavzularida koʻproq kitoblar chop etish, jamiyatimizdagi maʼnaviy muhitni mustahkamlash boʻyicha tavsiyalar berildi. Shavkat Mirziyoyev “Toshkent” avtovokzalida boʻlib, bu yerda amalga oshirilgan ishlar va yoʻlovchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 10 yanvardagi “Aholiga transport xizmati koʻrsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yoʻlovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida Toshkent shahridan viloyatlar markazlari va qoʻshni davlatlarga avtotransport qatnovi yoʻlga qoʻyildi. Tashlandiq holga kelib qolgan “Toshkent” avtovokzali taʼmirlanib, yoʻlovchilar va mamlakatimizga kelayotgan sayyohlar uchun koʻplab qulayliklar yaratildi. Ayni paytda avtovokzalda bir vaqtning oʻzida 2 ming 200 yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniyati mavjud. Vokzal soʻnggi rusumdagi texnologiyalar bilan jihozlangan. Bu yerda zamonaviy VIP-zal, ona va bola, tibbiyot xonalari, namozxona, mehmonxona, haydovchilar uchun dam olish xonasi, dispetcherlik xizmati, doʻkonlar, kafe-bar tashkil etilgan. Imkoniyati cheklanganlarning vokzal hududida emin-erkin harakat qilishi uchun ham sharoit yaratilgan. Ikkitadan lift va eskalator, maxsus panduslar shular jumlasidan. Hozirgi kunda “Toshkent” avtovokzalidan Rossiyaning Nijniy Novgorod, Qozon, Qozogʻistonning Nur-Sulton, Chimkent, Turkiston, Qizil Oʻrda, Olmaota, Ushkunur, Taroz, Yettisoy, Qirgʻizistonning Bishkek, Tojikistonning Xoʻjand shaharlariga avtobuslar qatnamoqda. Ular xizmatidan kuniga mingtagacha yoʻlovchi foydalanadi. Bundan tashqari, mahalliy yoʻnalishlarda kuniga 10 dan ortiq qatnov amalga oshirilayotir. Uzoq yoʻnalishlarga chiptalarni oldindan sotish yoʻlga qoʻyilgan. Har bir

7

Axborot soati materialini www.mtm.buxdu.uz veb-saytidan va tellegramdagi https://t.me/axborotsoati manzilidan olish mumkin avtobus yoʻnalishga chiqishdan avval toʻliq texnik, haydovchilar esa tibbiy koʻrikdan oʻtadi. Avtobuslarning sanitar holati ham doimiy nazoratda. Davlatimiz rahbari bu yerda yaratilgan sharoitni koʻzdan kechirdi. Xalqaro tajriba asosida avtobus haydovchilari malakasini oshirish, yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha mutasaddilarga zarur topshiriqlar berdi. Prezidentimizning 2018 yil 5 martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqish vaqtida xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan xorijiy davlatlarga vaqtinchalik ishlash uchun ketayotgan fuqarolarni oʻz manziliga xavfsiz yetkazib qoʻyish maqsadida “Uzautotrans Service” korxonasi tashkil etildi. Korxona parkini zamonaviy avtobuslar bilan taʼminlash uchun Xitoyning “Zhengzhou Yutong Bus Co. Ltd.” kompaniyasidan 168 ta zamonaviy avtobus xarid qilindi. Shu yerda mamlakatimizning transport-logistika tizimini rivojlantirish, xalqaro va shaharlararo avtobus yoʻnalishlari, avtovokzal hamda avtostansiyalarni takomillashtirish loyihalari taqdimoti oʻtkazildi. Davlatimiz rahbari Uchtepa tumanidagi 238-umumiy oʻrta taʼlim maktabining yangi oʻquv binosi bilan tanishdi. Mazkur taʼlim muassasasi 1969 yilda qurilgan. Maktablarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash boʻyicha manzilli dastur asosida 2006 yilda joriy taʼmirdan chiqarilgan bu muassasada 2 ming 600 dan ziyod oʻquvchi ikki smenada taʼlim oladi. Yangi oʻquv binosi qurilishiga 2 milliard soʻmdan ortiq byudjet mablagʻi sarflandi. U 240 oʻringa moʻljallangan. Kutubxona, musiqa, texnologiya, ingliz tili, tasviriy sanʼat kabi 12 oʻquv xonalari zamonaviy jihozlangan. “Yoshlar teatr studiyasi”, “Yosh ijodkorlar”, “Xalq cholgʻu asboblari”, “Dasturlash va kompyuter saboqlari”, “Tadbirkor qizlar”, tikuvchilik va bichuvchilik toʻgaraklari oʻquvchilar ixtiyorida. Kutubxonada Wi-Fi hududi tashkil etilgan boʻlib, oʻquvchilar elektron va audiokitoblardan bemalol foydalanishi mumkin. Prezidentimiz yangi binodagi sharoitlarni koʻzdan kechirdi. Taʼlim tizimiga zamonaviy oʻquv dasturlarini joriy etish boʻyicha tavsiyalar berdi. Shu yerda Toshkent shahar xalq taʼlimi muassasalarining bugungi ahvoli, maktablarning moddiy-texnik taʼminoti boʻyicha maʼlumot berildi. Toshkent shahrida ayni paytda 303 ta maktab mavjud. Ularda 409 mingdan ziyod oʻquvchi tahsil olmoqda. 217 ta maktabda 2-3 smenada taʼlim beriladi. 2019-2020oʻquv yilida oʻquvchilar soni 450 mingga yetib, qoʻshimcha 40 ming oʻquvchi oʻrniga ehtiyoj paydo boʻladi. Shuning uchun 9 ta, jumladan, joriy yilning oʻzida 7 ming 350 oʻrinli 5 ta yangi maktab, 37 ta maktabda qoʻshimcha binolar qurish taklifi ilgari surildi. Yangi maktab qurishdan oldin bor imkoniyatlardan, jumladan, kollej va litseylardan boʻshagan binolardan unumli foydalanish masalasini oʻrganib chiqish zarur. Maktablar qurilishiga, arxitekturasiga yangicha uslubda yondashish maqsadga muvofiqdir, dedi Prezident. Davlatimiz rahbari Uchtepa tumanida 200 nafar xotin-qiz ish bilan taʼminlanadigan tikuvchilik sexiga bordi. Mamlakatimizda xotin-qizlar bandligini taʼminlash, ichki bozorni oʻzimizda ishlab chiqarilgan sifatli kiyim-kechaklar bilan toʻldirishda joylarda tashkil etilayotgan tikuvchilik korxonalarining alohida oʻrni bor. Yaqinda “Kozimjon reyting servis” korxonasi tomonidan tashkil etilgan tikuvchilik sexi shulardan biri. Bu sex “Koʻkcha tekstil” jamiyati bilan hamkorlikda bunyod etildi. Loyiha qiymati 3 milliard soʻm. “Koʻkcha tekstil” xorijdan 100 ta zamonaviy tikuv mashinasi va yordamchi uskunalar olib kelib oʻrnatdi. Sex yiliga 500 ming dona tayyor trikotaj mahsuloti

8

Axborot soati materialini www.mtm.buxdu.uz veb-saytidan va tellegramdagi https://t.me/axborotsoati manzilidan olish mumkin ishlab chiqarish quvvatiga ega. Asosan Uchtepa tumanidagi band boʻlmagan xotin-qizlar qayta oʻqitilib, ishga qabul qilinadi. Kelgusida tayyor mahsulotlar uchun maxsus koʻrgazma zali tashkil etish koʻzda tutilgan. Korxona xizmat koʻrsatish sohasida ish yuritadi. 2017 yili supermarket, 2018 yilda oilaviy restoran qurilib, 135 ish oʻrni yaratilgan. Toshkent shahridagi Inha universiteti bilan hamkorlikda ochilgan maxsus tayyorlov kursi faoliyat koʻrsatmoqda. Prezident bu kabi korxonalarning mamlakatimiz iqtisodi rivojidagi oʻrniga toʻxtalib, birinchi navbatda, mahsulot sifatiga eʼtibor qaratish zarurligini qayd etdi. Bozor talabini doimiy oʻrganib borish, mahsulot eksportini yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Shavkat Mirziyoyev Uchtepa tumani rahbarlari, mahallalar raislari, ziyolilar, mutasaddilar bilan uchrashuv oʻtkazdi. Davlatimiz rahbari tumanda aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish Toshkent shahri boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichdan 2 barobar kamligini qayd etdi. Tadbirkorlikni rivojlantirish, ish oʻrinlarini koʻpaytirish, ichki yoʻllar va kommunal tarmoqlarni taʼmirlash, yoshlar masalasi boʻyicha koʻp ishlar qilinishi zarurligini taʼkidladi. Uchtepa tumanini har tomonlama rivojlantirish boʻyicha alohida qaror qabul qilinadi. Unga nisbatan aniq takliflaringizni aytsangiz, bu hujjat amaliy jihatdan yanada foydali, qamrovli boʻladi, dedi Shavkat Mirziyoyev. Tuman iqtisodiyotini rivojlantirish maqsadida2019-2020 yillarda umumiy qiymati 1 trillion 540 milliard soʻmlik 61 ta loyihani amalga oshirish boʻyicha tuman investitsiya dasturi shakllantirilgan. Ushbu loyihalar doirasida 132 million dollar xorijiy sarmoya oʻzlashtirilib, 6 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratiladi. Tumandagi boʻsh turgan yoki toʻliq ishlatilmayotgan 194 ta obyekt faoliyatini qayta tiklash yoki ular negizida yangi korxonalar tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berildi. “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida oʻz biznesini boshlamoqchi boʻlgan oilalarni aniqlab, ularga jami 37 milliard soʻm miqdoridagi imtiyozli bank kreditlari qisqa muddatda toʻliq ajratilishini taʼminlash lozimligi qayd etildi. Joriy yilda Investitsiya va “Obod mahalla” dasturlariga muvofiq 1 ming 200 oʻrinli 5 ta bogʻchada qurilish, rekonstruksiya va kapital taʼmirlash ishlari bajariladi. Shuningdek, 200 oʻrinli 2 ta yangi xususiy bogʻcha tashkil etiladi. 24-oilaviy poliklinikaning yangi binosi qurilishi yakunlanib, foydalanishga topshiriladi. “Obod mahalla” dasturi doirasida joriy yilda Guzar va Farhod mahallalarida 60 ta koʻp qavatli uy, ichki yoʻllar, elektr va oqova suv tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlarida 18 milliard soʻmlik taʼmirlash-tiklash ishlari bajariladi. Natijada 11 ming nafar aholining turmush sharoiti yaxshilanadi. “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturiga muvofiq, 12,5 milliard soʻm imtiyozli kredit ajratish orqali 14 ta loyiha amalga oshiriladi. Yoshlarni zararli taʼsirdan saqlash va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun ularni madaniyat, sanʼat, sport, kitob oʻqish va axborot texnologiyalariga qiziqtirishga qaratilgan 5 ta tashabbus hayotga izchil tatbiq etiladi. Tuman yoshlari uchun “Ekobogʻ”, “Yashil xiyobon”, “Kitob kafesi” va “Koʻcha sporti” namunasidagi sport-sogʻlomlashtirish maydonchalari barpo etiladi. Uchrashuv ochiq muloqot tarzida oʻtdi. Odamlar oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi. Prezidentimiz takliflarni tegishli rejalarga kiritish, yaqin vaqtlarda amalga oshirish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

9

Axborot soati materialini www.mtm.buxdu.uz veb-saytidan va tellegramdagi https://t.me/axborotsoati manzilidan olish mumkin

ERTANGI KUNGA MASʼULIYAT VA JAVOBGARLIK HISSI BILAN YASHASH, XALQIMIZGA SADOQAT BILAN XIZMAT QILISH – OLIY BURCHIMIZ

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy- iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan yirik loyihalar va avval berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishish maqsadida 6-7 may kunlari Fargʻona viloyatida boʻldi. Davlatimiz rahbarining viloyatlarga tashrifi chogʻida oʻsha hududning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni rivojlantirish, odamlarning hayotdan rozi boʻlib yashashi uchun alohida-alohida rejalar qilish anʼanaga aylandi. Fargʻona viloyatiga tashrif ham shunday boʻldi. Shavkat Mirziyoyev 6 may kuni viloyatdagi yirik loyihalar bilan tanishar ekan, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobidan tumanlarga sanoatni olib kirish, bandlikni taʼminlash, xotin-qizlar va yoshlar manfaatlarini roʻyobga chiqarish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Hududda oʻtgan bir yilda erishilgan natijalar chuqur tahlil qilinib, kelasi yilga moʻljallangan vazifalar muhokama etildi. Dunyo bozoriga chiqish uchun raqobatbardosh boʻlish, sanoat oʻrtacha rivojlangan tumanlarda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, eng asosiysi, viloyat iqtisodiyotiga sarmoya, texnologiya va innovatsiyalarni jalb etish boʻyicha tegishli yoʻnalishlar belgilandi. Tashrifning ikkinchi kuni Fargʻona shahrida viloyat faollari, vazirlik va idoralar rahbarlari, nuroniylar, tadbirkorlar ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev soʻzining avvalida yigʻilganlarni, butun xalqimizni Ramazon oyi hamda yaqinlashib kelayotgan Xotira va qadrlash kuni bilan tabrikladi. 2018 yili Fargʻona viloyatida sanoat 8 foiz, xizmat koʻrsatish 9 foiz, oʻzlashtirilgan investitsiyalar 1,5 barobar oʻsgan. Lekin aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan yalpi hududiy mahsulot respublika koʻrsatkichidan ancha pastligi, Qoʻshtepa, Furqat, , Fargʻona, tumanlarida sanoat rivojlanmagani qayd etildi. 10

Axborot soati materialini www.mtm.buxdu.uz veb-saytidan va tellegramdagi https://t.me/axborotsoati manzilidan olish mumkin

Shu bois viloyatni 2019-2020 yillarda rivojlantirish boʻyicha umumiy qiymati 26 trillion 401 milliard soʻmlik 643 ta loyihadan iborat yangi hududiy investitsiya dasturi ishlab chiqilgan. Mazkur dastur doirasida 2,5 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya oʻzlashtiriladi va 31 mingdan ziyod ish oʻrni yaratiladi. Masalan, tumanida “Fargʻona Yasin qurilish mollari” korxonasida 200 million dollarlik loyiha amalga oshirilib, joriy yilda 800 ming tonna va keyingi yildan 1,2 million tonna sement ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Qoʻqon shahrida “Indorama” kompaniyasining 70 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoyasi hisobidan Qoʻqon superfosfat zavodi modernizatsiya qilinib, fosforli oʻgʻit ishlab chiqarish quvvati 100 ming tonnadan 375 ming tonnaga yetkaziladi. Uchkoʻprik tumanidagi “Shaffof omadli sanoat” korxonasida jami 30 million dollar sarmoya hisobidan avtomobillar uchun yiliga 350 ming dona gaz balloni, 2020 yildan yuk koʻtaruvchi elektr karalar, mini-traktorlar va qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun uskunalar ishlab chiqarish oʻzlashtiriladi. Davlatimiz rahbari mutasaddilarga dasturdagi har bir loyihani amalga oshirish boʻyicha tarmoq jadvallarini tasdiqlab, ijrosini taʼminlash yuzasidan topshiriqlar berdi. Fargʻona viloyatiga investitsiya olib kelish, sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha bir yil favqulodda safarbarlik eʼlon qilamiz. Ana shunda oʻzgarish boʻladi. Kelasi yil may oyida hokimliklar, barcha vazirliklar qilingan ishlar haqida hisobot beradi, dedi Shavkat Mirziyoyev. Prezidentimiz yigʻilishda aholini ish bilan taʼminlash, daromadlarini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida oʻz biznesini boshlamoqchi boʻlgan oilalarni aniqlab, ikki-uch oy ichida ularga belgilangan miqdordagi imtiyozli kreditlarni toʻliq ajratish zarurligini taʼkidladi. Fargʻona – mohir hunarmandlar, usta dehqonlar yurti. Bu yerning koʻnchilik, bogʻdorchilik anʼanalari – tayyor brend. Bundan foydalanib, viloyatda charm va poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshimcha loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, “Charm-attorlik markazi” tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berildi. Kelgusi ikki yilda Oltiariq tumanida 3 ming gektar maydonda uzumchilik, tumanida 2 ming gektarda anorchilik, shahrida 2 ming gektar maydonda giloschilik klasterlari tashkil etilishi maʼlum qilindi. Ushbu klasterlar oʻzlari meva yetishtirish bilan birga aholidan ham sotib oladi. Buning uchun xonadonlarga 15 million tup tok, 10 million tup gilos va 5 million tup anor koʻchatlari yetkazib beriladi. Bu ham aholi daromadlarini, ham viloyat eksport salohiyatini oshiradi. Yaqin yillarda Oltiariq tumanini toʻliq uzum yetishtirishga ixtisoslashtirish, ilmiy- tadqiqot institutlari va Toshkent davlat agrar universiteti olimlarining tavsiyalari asosida bogʻ va tok qator oralarida bozorbop sabzavotlar yetishtirish rejalashtirilgani taʼkidlandi. Viloyatda joriy yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 45 ta qishloq va 15 ta shahar mahallasida 8 mingta hovli-joy, 327 ta koʻp qavatli uy, yuzlab kilometr yoʻllar, ichimlik suv va elektr tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlarida 326 milliard soʻmlik taʼmirlash-tiklash ishlari amalga oshiriladi. Natijada 212 ming aholining turmush sharoiti yaxshilanadi. Fargʻona, Qoʻqon, Quvasoy va Margʻilon shaharlarida 14 ta koʻp qavatli arzon uy, 145 ta koʻp qavatli tijorat uylari, qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida 252 ta yakka tartibdagi va 54 ta koʻp qavatli arzon uy-joy barpo etiladi. Yigʻilishda yoshlar masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Viloyatda 7 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar soni 970 ming boʻlib, ular bilan ishlash masalasi har doim diqqat-eʼtibor markazida boʻlishi qayd etildi. Shuni hisobga olib, yoshlar bilan ishlash

11

Axborot soati materialini www.mtm.buxdu.uz veb-saytidan va tellegramdagi https://t.me/axborotsoati manzilidan olish mumkin boʻyicha “Fargʻona tajribasi”ni yaratish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgani taʼkidlandi. Joriy yilda 46 ming nafar yoshning bandligini taʼminlash boʻyicha manzilli chora- tadbirlar shakllantirilgan. “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturiga muvofiq, 208 milliard soʻm imtiyozli kredit ajratish orqali 867 ta loyihani amalga oshirish va 7 ming ish oʻrni tashkil etish belgilangan. Prezidentimiz beshta muhim tashabbus boʻyicha Fargʻona viloyatida ham muayyan ishlar qilinayotgani, ularning ijrosi har bir hokimlik va vazirlikning asosiy vazifasiga aylanishi kerakligini taʼkidladi. Beshta muhim tashabbus – yangi siyosatimiz. Ularni amalga oshirish boʻyicha Boʻka tumani namuna sifatida tanlab olindi. Har bir tuman hokimi beshta tashabbusni joriy etish boʻyicha yil yakunida hisobot beradi. Beshta tashabbus ijrosi doirasidagi hamma ishlar maktab atrofida mujassam boʻlishi kerak. Ulardagi sport zallari, klublar bolalarga berilishi, yoshlarimiz bu yerga kelib sport bilan shugʻullanishi, kitob oʻqishi, axborot texnologiyalarini oʻrganishi, barkamol boʻlib ulgʻayishi lozim. Iqtisodiyot qanday rivojlansa, beshta tashabbus doirasidagi ishlarga ham shunday eʼtibor qaratsak jamiyatimizda muhit oʻzgaradi, odamlarimizda hayotga ishonch ortadi. Bu balandparvoz gaplar emas hayot- mamotimiz, dedi Shavkat Mirziyoyev. Ochiq muloqot tarzida oʻtgan yigʻilishda soʻzga chiqqanlar Prezidentimiz boshchiligida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar hududlar hayotida ham aksini topayotgani, bundan avvalo odamlar rozi boʻlayotganini taʼkidladi. Shu bilan birga, ayrim masalalar boʻyicha mavjud muammolar oʻrtaga tashlandi. Davlatimiz rahbari koʻtarilgan har bir muammoni joyida hal etish boʻyicha mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berdi. Shu bilan Prezidentimizning Fargʻona viloyatiga tashrifi yakunlandi.

PREZIDENT ZARGARLIK TARMOGʻINI RIVOJLANTIRISH BOʻYICHA MUHIM VAZIFALAR QOʻYDI Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 may kuni zargarlik tarmogʻini rivojlantirish, zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga sharoitni kengaytirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi. Zargarlik mahsulotlari butun dunyoda talab yuqori boʻlgan tovarlardandir. Jahon zargarlik sanoatida ishlab chiqarish hajmi yiliga 5-6 foizga oʻsayotgani, tovar aylanmasi 250 milliard dollardan oshayotgani uning ulkan eksport salohiyatidan dalolat beradi. Mamlakatimizda bu tarmoq eʼtibordan chetda qolgandi. Zargarlik korxonalari asbob- uskunalarining 80 foizi eskirgan, ayrimlarida ishlab chiqarish toʻxtagan edi. Qimmatbaho metallarni zargarlarga sotishda ham koʻplab cheklovlar bor edi. Joriy yil 1 martdan boshlab qimmatbaho metallarni ishlab chiqaruvchilarga birja orqali toʻgʻridan- toʻgʻri sotishga ruxsat berildi. Endigi maqsad – zargarlikni chinakam sanoat darajasiga olib chiqish. Davlatimiz rahbari buning uchun xomashyodan samarali foydalanish, tarmoqqa faol investitsiya jalb etib, zamonaviy ishlab chiqarishni tashkil etish kerakligini taʼkidladi. Tilla, platina va kumush narxining yuqoriligi sababli tizim korxonalari aylanma mablagʻi koʻp emas. Shu bois zargarlik sanoatida soliq yukini qayta koʻrib chiqish, import qilinadigan xomashyo va uskunalarni bojxona toʻlovlaridan ozod qilish boʻyicha topshiriqlar berildi.

12

Axborot soati materialini www.mtm.buxdu.uz veb-saytidan va tellegramdagi https://t.me/axborotsoati manzilidan olish mumkin

Davlat zargarlik korxonalariga xalqaro brendga ega kompaniyalar investitsiyalarini jalb qilish, ishlab chiqaruvchilar uchun qimmatbaho metallar xarid qilishga imtiyozli kredit ajratib, ularni qoʻllab-quvvatlash zarurligi qayd etildi. Yurtimizda zargarlik asosan taqinchoqlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Aslida esa bu sohaning yoʻnalishlari koʻp. Tilladan yasalgan soat, ruchka va turli esdalik sovgʻalari, kumushdan tayyorlangan oshxona toʻplamlari jahon bozorida juda xaridorgir. Masalan, 4 kilogramm kumush ishlatiladigan bitta oshxona toʻplami oʻrtacha 4 ming dollar turadi. Mamlakatimizda yiliga yuz tonnadan ziyod kumush ishlab chiqarilishini inobatga olsak, bunday mahsulotlar eksportini bir necha million dollarga yetkazish mumkinligi oydinlashadi. Yana bir masala. Oʻzbekistonda berill, ametist, feruza, malaxit, lazurit, opal kabi qimmatbaho toshlar zaxiralari boʻlsa-da, ular sanoat darajasida oʻzlashtirilmagan. Shulardan kelib chiqib, yigʻilishda zargarlikning barcha turlarini rivojlantirish, tarmoq uchun zarur toshlarni oʻzlashtirishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Hozirda yakka tartibdagi zargar-tadbirkorlar oʻz mahsulotlarini toʻgʻridan-toʻgʻri sotish huquqiga ega emasligi sababli vositachi doʻkonlarga topshirishga majbur boʻlmoqda. Shuningdek, asillik darajasini belgilash, tayyor zargarlik buyumlarini chet elga olib chiqishga oid tartiblarning murakkabligi ham aholi va tadbirkorlarga noqulaylik tugʻdirmoqda. Prezidentimiz mazkur masalalarni hal etish uchun zargarlik mahsulotlarini erkin bozorga olib chiqishdagi toʻsiqlarni olib tashlash, yakka tartibda zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga oʻz mahsulotlarini sotish huquqini berish zarurligini taʼkidladi. Asillik darajasini belgilovchi tamgʻani mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonaning oʻzi qoʻyishi, jismoniy shaxslar tomonidan zargarlik buyumlarini chet elga olib chiqish tartibi soddalashtirilishi lozimligi qayd etildi. Chakana savdo nuqtalarida zargarlik buyumlarini qabul qilish va sotishning elektron hisobini yuritish, noqonuniy savdoning oldini olish boʻyicha topshiriqlar berildi. “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Yigʻilishda berilgan topshiriq va zarur chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan qaror loyihasi tayyorlash vazifasi qoʻyildi.

13