Tohir Malik. Savohil (II- qism) 1 Tohir Malik. Savohil (II- qism) Ikkinchi qism - Diydor Yoʻli Ikkinchi bob - Umid yulduzi 1 Lord Chelmsford Vaziristondan kelgan xabardan butunlay gangib qoldi. Oʻtgan kuni shimoli-gʻarb chegara viloyatidan olingan noma qabila boshliqlarini hech qanday pulga sotib olish mumkin emasligini bildirgan edi. «Bu — Shimoliy Hindistondagi ahvol chatoq, degan gap, — deb oʻyladi Chelmsford. — Bosh shtabning bugungi axboroti esa Kobulning hali-beri taslim boʻlmasligini aniq qilib qoʻydi. General Nodirxonning qoʻshini oʻtgan haftada Sulaymontogʻda gʻoyib boʻlgan edi. Tal shahri ostonasida qoʻqqis chiqib qolgani nimasi? Yana zambaraklari bilan! Bosh shtabning xabariga ishonsam, afgʻonlar xaritada belgilanmagan yoʻllar bilan kelishgan. Bu qanaqasi?! Xaritada belgilanmagan yoʻllar yana bordir balki. Ularning biri Simlaga — Bosh shtabga olib kelmaydimi? Yana biri Dehliga boshlar...» Chelmsford bosh shtabdan kelgan nomani yirtib tashladi. Qoʻngʻiroq tugmasini bosib, Gamilton Grantni chaqirtirdi. Oʻn yettinchi yilning adogʻida Chelmsford Londondan telegramma olgan edi: «Biz bolsheviklarning gʻoyat xavfli varaqasidan xabar topdik. Rus hukumatining Rossiya va Sharq musulmonlariga, ayniqsa, Eron va Hindiston xalqlariga murojaati bizni xavotirga soldi. U mumkin qadar uzoq vaqt qoʻl ostimizdagi xalqlar uchun sir tutulmogʻi shart». Oradan koʻp oʻtmay noib-qirol oʻsha «gʻoyat xavfli varaqa» bilan ham tanishdi: «Endi jim turmoq mumkin emas. Vaqtni boy bermay, mutelik zanjiridan qutulingiz, mustabidlarni mahv etingiz. Tabarruk tuproqlaringizning zolimlar oyogʻi ostida toptalishiga yoʻl qoʻymangiz! Oʻz yurtingizga oʻzingiz egalik qilingiz! Oʻz xohishingizga koʻra hayot kechirishga haqqingiz bor. Taqdiringiz oʻz qoʻlingizda!..» Lord Chelmsford hozir shuni esladi. Aniqrogʻi, bu xavfli chaqiriqlarni hali unutganicha yoʻq. Hindistonning qaerida gʻalayon koʻtarilsa bot-bot eslaydi. Mayda gʻalayonlar tobora yiriklashib, mana endi subsidiyaga qanoat qilayotgan «chivinday mamlakat» katta gʻavgʻolar boshladi. Bu oxir-oqibat Chelmsfordni Hindistonda qolish yo qolmasligiga ta’sir oʻtkazmasa edi. «Qay masalani hal etishda yanglishdim? Habibulloxonni oʻldirilishidami? Bolsheviklarning varaqalari bu yerga qanday yetib keldi?» Chelmsford notinchlik boisini xalqning toʻlib-toshgan sabr-kosasidan izlamas edi. Zero, ezilgan fuqaroning dardi unga begona, mazlumning nolasi esa tushunuksiz edi. Shuning uchun ham u vaziyatga toʻgʻri baho berish qudratidan mahrum edi. Gamilton Grant kirib kelganda ham u hali xayollar domida edi. — Oradan oy oʻtyapti, — dedi noib-qirol, unga bir qarab olib. — Bir haftalik urush deb ishontirgan edinglar. Gamiltonning tili gapga kelmay, yelka qisdi. — General Yustesning holi tang. Talni ushlab qololmaydiganga oʻxshaydi. — Toʻxtatish kerak. — Kimni, afgʻonlarnimi? — dedi Chelmsford ovozini balandlatib. — Urushni... urushni toʻxtatish kerak. Chelmsford odamni tahlikaga solishi mumkin boʻlgan oʻtkir nigohini Gamiltonga qadadi. — Keyin-chi? — Afgʻonlarning oʻylab koʻrishiga fursat beramiz. Bizning yordamimizsiz ular uzoqqa borisholmaydi. — Rossiyaning yordami-chi? — Rossiya yordam berish qudratiga ega boʻlguncha mamlakatning sillasi quriydi. Omonulloxon tavbasiga tayanadi. Shu urushning oʻziyoq uni nochor ahvolga solib qoʻydi. Ma’lumotlarga qaraganda saroydagi ayrim qimmatbaho mollar sotilgan. Ruhoniylar urushdan norozi. Bu katta gap. Buxoro amiri bu tentak Omonulloxonga ta’sirini oʻtkaza oladi, deb oʻylayman. Buxoro Qizil Turkistonga urush ochishi bilan Afgʻoniston oʻz-oʻzidan jihodga qoʻshiladi. Tohir Malik. Savohil (II- qism) 2 Turkiston yerlari hisobiga mulkni kengaytirishdan qaytadigan amir hali dunyoga kelmagan. Hatto Habibulloxon ham shunaqa umidda edi. — Yanglishmasam, Habibulloxonning Hindistonga ham ishtahasi bor edi, a? — Habibulloxon ahmoq, xomxayol edi. — Gamilton, bas qiling, — dedi Chelmsford jahl bilan, — bu safsata, bu xom rejalarga hatto oʻzingiz ham ishonmaysiz. Toshkentdan yangilik bormi? — Bor, ser. Omonulloxonning elchilari Toshkentda toʻxtab qolganlar. Toshkent — Moskva yoʻli berk... Lekin... Moskva Leninning Omonulloxonga javob maktubini ochiq matn bilan Toshkentga bergan. Kobulga qanday yetkazilishi sir. — Ruslarning elchisi-chi? — Yoʻlga chiqishgan. Elchi — Xmarin. Eronda bir tasodif bilan omon qolgan edi. — Ana, koʻrdingizmi? Eronda tasodif bilan omon qolgan. Bir tasodif bilan yoʻlga chiqdi. Yana bir tasodif bilan Kobulga yetib keladi. Keyin qarabsizki, diplomatik aloqa oʻrnatilib, shartnomalar imzolanib turibdi! — Ser, ular hali Kobulga yetib kelishgani yoʻq. Biz hammasini aniq rejalashtirganmiz. — Gamilton, ular chegaradan oʻtgan kuni bu yerdan qorangiz oʻchadi. Gamilton bosh egdi. — Xotirjam boʻling, ser, biz hali siz bilan birga koʻp ishlaymiz. Chelmsford uning bu surbetligidan gʻashi kelib, «boring», deganday qoʻl siltadi. Gamilton yengil ta’zim qilib chiqib ketdi. Oʻsha kuni Chelmsford Bosh shtabga buyruq joʻnatdi. Bir oy davom etgan urush Buyuk Britaniya uchun samarasiz barham topdi. 2 Tashvishni botmonlab bergan, fursati kelganda shodlikni ham qoʻsha-qoʻsha berarkan. Bir oy mobaynida yurtni bosib turgan rutubat koʻtarilib, hech kutilmaganda quyosh koʻrindi. Bomdoddan soʻng boqqa chiqqan Omonulloxonning koʻngli ravshan tortdi. Nazarida Kobulda hech mahal bugungiday beozor tong otmagan edi. Osmon tiniqligi shu bugungiday bokira, qushlar chugʻuri shu bugungiday serjarang, barglar shiviri shu bugungiday huzurbaxsh boʻlmagan edi. Bu tong unga uzoq xastalikdan forigʻ boʻlib, koʻzi charaqlab ochilgan kishi quvonchini nasib etdi. Avval sardor Nodirxonning sarhadni kechib oʻtib, inglislarni gʻaflatda bosgani haqidagi xabardan koʻngli yoz boʻldi. Otasining oʻlimida uning ham aybi muqarrar deb bir necha kun hibsda ushlab turganiga, sardor salorlik unvonidan mahrum qilganiga pushaymon yedi. Vaqtida insof berib, sardorni ozod etgani, unga qanot qoʻshinni ishonib topshirganidan bir nav quvonib, Xalloqi olamga shukrlar aytdi. Kecha oqshom esa barqi ibtilo1 barham topgani, inglislar muhoribani bas qilgani haqidagi xushxabar bagʻri-dilini yoritib yubordi. Qorongʻilik elchisi boʻlmish oqshom yurtning quyoshli kunlari boshlangani haqida xabar keltirdi. «Jannatmakon padarim to soʻnggi nafasiga qadar jur’at qilolmadi. Hazor-hazor lashkari boʻlgani bilan inglisning ahvoli bu ekan. Bir oylik zarbamizdan hayiqdi. Buyuk Afgʻonistonning ozodligiga endi kim shak keltira oladi? Hech kim!» Amir xayoliga kelgan bu gapdan kulimsirab qoʻydi. Orqa tomonda oyoq sharpasi kelib, amir shart oʻgirildi. — Amir sohib, xushxabar oldik, — dedi Tarzi unga yaqinlashib. — Lashkarimiz Simlaga yetibdimi? — dedi amir hazil ohangida. — Bundan ham a’lo xushxabar, amir sohib. Oʻrusiya poytaxtidan javobnoma yetib keldi. — Tarzi shunday deb qoʻlidagi qogʻozni uzatdi. — Oʻqing, — dedi amir nomani qoʻliga olmay. Tarzi burniga koʻzoynagini qoʻndirib, oʻqishga tutindi: «Afgʻoniston amiri amir Omonulloxonga. Ozod va mustaqil afgʻon millati nomidan rus xalqiga salom yoʻllab yozilgan hamda siz, hazrat oliylarining taxtga Tohir Malik. Savohil (II- qism) 3 oʻtirganingiz xabar qilingan ilk maktubni olib, ishchi-dehqon hukumati va butun rus xalqi nomidan oʻz ozodligini xorijiy mustabidlardan qahramonona himoya etgan mustaqil afgʻon xalqiga shoshilinch javob salomini yoʻllaymiz. Siz, hazrat oliylarini, 1919 yil 21 fevralda taxtga oʻtiruvingiz munosabati ila muborakbod etamiz... ... Mazkur salomnomani afgʻon xalqiga yoʻllar ekanmiz, oʻzimizni behad baxtli hisoblab, siz hazrat oliylaridan xalqingiz doʻstlarining doʻstona ta’zimini qabul qilishingizni soʻraymiz. Moskva shahrida 1919 yilning 27 may kuni yozildi». Tarzi qogʻozdan koʻzini olib, amirga qaradi. Omonulloxonning nigohi uzoqqa, poytaxt etagi borib tutashgan ufqda edi. U eshitganlarini bir-bir xayolida takrorlab, mushohadaga berildi. Tarzi undan sado chiqishini ancha kutdi. — Shoʻravi Rusi bizga bagʻrini samimiy tarzda ochgani rost boʻlsa, endi bu yurt orqali Ovruponing barcha yerlariga boruvimiz mumkin. Mustaqil Afgʻoniston yoʻllari ochildi. Amir Rossiyaning gʻarbidagi davlatlar bilan hali-beri til topisha olmasligini hozir, shu topda xayoliga keltira olmas edi. Uning fikricha, Afgʻonistonning yagona dushmani — Ingliston, qolgan mamlakatlar esa ular bilan bajonidil doʻst tutinadilar. Omonulloxon achchiq haqiqat bilan keyinroq, yil oyoqlaganda, RSFSR Tashqi ishlar xalq noziri Chicherindan noma olib, gʻarbdagi mamlakatlar Muhammad Valixonning safariga monelik bildirganlaridan xabar topganida yuzma-yuz keladi. Hozir esa bu noxushliklardan ancha berida, dastlabki quvonchli xabar ogʻushida nekbin rejalar tuzadi. — Xushxabar faqat shugina emas, amir sohib. Chopara muxtor vazirimizning Toshkentga yetganini ham xabar qildi. Toshkentda Kobulga qarab Shoʻravi Rusi vakolasining yoʻlga chiqishiga harakat bor emish. — Nur alan-nur. Shimoldagi noiblarga farmon joʻnating, saforat ishlari bilan kelmish Shoʻravi Rusi a’yonlariga afgʻon xalqining eng aziz mehmonlari qatorida izzat koʻrsatilsin. Ziyon-zahmatsiz yetib keluvlari uchun javobgardir ular. Amir bir-ikki qadam yurib, yana toʻxtadi. — Padarim Oʻrusiyaning niyatini bilmoq istagida edi, — dedi oʻychan ohangda. — Arqonni uzun tashladi, behad uzun tashlab yubordi. Bu faqat Inglistonga naf berdi, katta naf berdi. Endi nadomatdan ne foyda? Kamolni oʻylamoq vaqti yetdi. Endi tijorat ishlarini yoʻlga qoʻymoqni mulohaza qilish darkor. Ovrupo bilan boʻlajak tijorat ishlarini afgʻon savdogarlari qoʻliga bermoq lozim. Ibriylar, tojiklar, oʻzbeklar tijoratda afgʻonlarni siqib qoʻyishlari barham topmogʻi shart. Afgʻon tijorat ahli bunga qodirmi? — Shak-shubhasiz,
Details
-
File Typepdf
-
Upload Time-
-
Content LanguagesEnglish
-
Upload UserAnonymous/Not logged-in
-
File Pages63 Page
-
File Size-